Oldin bir texnologiyani o‘rganayotgan odamlar unga yillarini berardi. Bir stack tanlasa, chuqur kirardi. Bir jamoaga qo‘shilsa, oxirigacha birga o‘sardi.

Hozir esa hamma narsa juda tez. Bugun Django. Ertaga Go. Indinga Kubernetes. Keyin AI.

Lekin muammo texnologiyada emas. Muammo — odamlarning diqqatida.

Ko‘pchilik endi chuqurlikka emas, trendga ishlayapti. Biror narsani oxirigacha tushunishdan ko‘ra, uni LinkedIn yoki Telegram’da yozib qo‘yish muhimroq bo‘lib qoldi.

DevOps’da ham shunday. Monitoring qo‘yadi, lekin alert nima uchun kelayotganini bilmaydi. CI/CD qiladi, lekin pipeline ichidagi jarayonni tushunmaydi. Docker ishlatadi, lekin container isolation nima ekanini his qilmaydi.

DevSecOps’da esa undan ham achinarlisi bor. Security checklarni faqat “checklist” uchun qo‘shadiganlar ko‘paygan. Aslida esa xavfsizlik — mindset. Bu “tool install qilish” emas. Bu mas’uliyat.

Django’da ham ko‘ryapmiz. Tayyor package ulab ketish oson. Lekin architecture haqida o‘ylaydiganlar kamayib boryapti. Kod ishlasa bo‘ldi. Maintain qilinadimi? Scale bo‘ladimi? Xavfsizmi? Farqi yo‘qdek.

Eng yomoni esa boshqa joyda. Odamlarda avvalgidek reaksiya qolmayapti.

Yaxshi loyiha chiqsa — 2 minut hype. Kuchli article yozsang — bir nechta emoji. Biror inson yillarini sarflab tizim qursa — scroll qilib o‘tib ketishadi.

Chunki hamma charchagan. Informatsiya juda ko‘p. Kontent juda ko‘p. Lekin samimiylik kam. Sodiqlik kam. Qadrlash kam.

Shu sababli bugungi kunda eng noyob skill: uzoq vaqt bir narsaga sodiq qolish.

Bir stackga. Bir maqsadga. Bir jamoaga. Va eng asosiysi — o‘zingiz boshlagan yo‘lga.

Trendlar o‘tadi. Hype tugaydi. Lekin chuqur bilim va sodiqlik qoladi.