Linux Olami
Linux olami: Ba’zan serverlar insonlardan sodiqroq…
Ba’zan o‘ylab qolaman…
Ba’zi insonlardan ko‘ra serverlar sodiqroq ekan.
Insonlar seni tushunmasligi mumkin, va’da berib va’dasida turmasligi mumkin, kerak paytingda yoningda bo‘lmasligi mumkin. Lekin Linux servering…
U hech qachon seni aldamaydi.
Terminal seni aldamaydi. Loglar seni aldamaydi. journalctl bor haqiqatni yuzingga aytadi. Hatto yoqimsiz bo‘lsa ham.
Serverda nima bo‘layotganini bilmoqchimisan?
Marhamat, htop och. Kim CPU'ni yeyayotganini ko‘rasan. Kim RAM'ni egallab olganini bilasan. Hech kim o‘zini oqlamaydi, hech kim bahona qilmaydi.
systemctl esa alohida mavzu.
Ular haqiqiy do‘stlar. Beminnat restart qilib berishadi, beminnat service’ni ishga tushirishadi. Ertalab soat 03:00 da ham chaqirsang, imkon qadar javob berishadi.
sudo systemctl restart nginx
sudo systemctl restart postgresql
sudo systemctl status docker
Qarang, bir og‘iz buyruq bilan hammasi joyiga tushishi mumkin. Faqat ba’zan PostgreSQL ham sendan xafa bo‘lib, failed holatiga o‘tib oladi.
Eng qizig‘i, reboot qilganingda ham ular seni tashlab ketmaydi. Qayta yuklanadi, yana xizmatga qaytadi. Xuddi hech narsa bo‘lmagandek.
Insonlar bilan munosabatlarda esa ba’zan birgina noto‘g‘ri gap butun tizimni ishdan chiqarishi mumkin. Linux’da esa xatolikni topish uchun hech bo‘lmaganda log bor.
Masalan:
journalctl -xe
Hayotda ham shunday buyruq bo‘lsa edi…
Oxirgi vaqtlarda kim nima deganini, qayerda xato qilganini, kim qachon tizimdan chiqib ketganini ko‘rib o’tirardik. Faqat hayotda --since yesterday ishlamaydi.
Yana bir jihati bor: Linux seni hech qachon ortiqcha savollar bilan qiynamaydi.
Biror narsani buzsang, xatosini ko‘rsatadi. Lekin seni ayblamaydi. Shunchaki:
Permission denied
deydi.
Ba’zan bu ikkita so‘z insonning yarim soatlik nasihatidan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi.
sudo esa hayotdagi eng katta haqiqatni eslatadi: hamma narsaga ruxsating bo‘lavermaydi. Ba'zi ishlarni bajarish uchun kerakli permission bo‘lishi kerak.
Root bo‘lish ham oson emas. Chunki katta privilege bilan katta responsibility keladi
Ammo Linux bilan munosabat ham doim ideal emas. Ba’zan apt upgrade qilib, butun kuningni buzasan. Ba'zan bitta noto‘g‘ri rm -rf butun umringga yetadigan saboq beradi. Ba'zan esa server ishlamay qoladi va sen 4 soat davomida bitta nuqta yoki vergulni qidirib o'tirasan.
Lekin baribir qaytasan
Chunki bu olamda bir narsani aniq bilasan: muammo bor bo‘lsa, uning sababini topish mumkin. Faqat sabr, bilim va ozgina kofe kerak.
Balki shuning uchun ham Linux olamini yaxshi ko‘ramiz.
Bu yerda yolg‘on gapiradigan hech kim yo‘q. Faqat sen, terminal, loglar va ba’zan seni yarim tunda uyg‘otadigan monitoring alertlari bor.
Xullas, insonlar bilan munosabatlar murakkab, serverlar bilan munosabatlar esa oddiy: ishlasa — tegma, ishlamasa — logini o‘qi.
Linux — shunchaki operatsion tizim emas, ba’zan hayot falsafasi hamdir.
Comments 0
Hozircha comment yo‘q. Birinchi bo‘lib yozing 🚀